Birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi
Birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi Markaziy Osiyo mintaqasi uchun yangi platforma boʻlib, uning formatida Oʻzbekistonning investitsiya salohiyati xalqaro investitsiya va biznes hamjamiyatlariga taqdim etiladi.
Forum Oʻzbekistonning jadal rivojlanayotgan bozoriga integratsiyalashishdan manfaatdor yirik xorijiy investitsiyalar, moliyaviy-iqtisodiy tashkilotlar va kompaniyalar rahbarlarini jalb etishga qaratilgan. Toshkent xalqaro investitsion forumi doirasida «Oʻzbekiston Respublikasining mintaqaviy sanoat xabi sifatidagi potensiali» mavzusida panel munozarasi boʻlib oʻtdi.
Ishtirokchilar mamlakatimiz iqtisodiyoti xususiy sektorida neft-kimyo, elektronika, mashinasozlik, yengil sanoat sohalarida ishlab chiqarishni rivojlantirish, shuningdek, kelgusida samaradorlikni oshirishga imkon berishi mumkin boʻlgan qadamlarni muhokama qilishdi. Moderator sifatida Xalqaro moliya korporatsiyasining Markaziy Osiyo va Turkiya mintaqaviy direktori Vibke Shlyomer maʼruza qildi.
“Oʻzkimyosanoat” AJ boshqarma raisi J.Т. Mirzamahmudov ushbu sanoat sektorida klaster tizimini joriy etishni hisobga olgan holda ish olib borilayotganini taʼkidladi. Bunday klasterlar Ustyurt majmuasi, shuningdek, “Navoiazot” AJ bazasida mavjud. Tez orada klasterga asoslangan ish “Fargʻonaazot” AJda yoʻlga qoʻyilib, zavod modernizatsiya qilinishi va zamonaviy texnika bilan jihozlanishi kutilmoqda. U shuningdek, Chirchiqda industrial park yaratilishi, qolaversa, OTMK bazasida klaster shakllantirilishi haqida aytib oʻtdi.
– Yaratilayotgan yana bir taʼlim klasteri kadrlar tayyorlashga yoʻnaltiriladi, – dedi J.Т. Mirzamahmudov. – U yerga tarmoq OTMlari jadb qilinadi. Masalan, Toshkentda Kimyo-texnologiya instituti, shuningdek, D.I. Mendeleev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining filiali mavjud. Biz kimyo sanoatini rivojlantirish boʻyicha turli dasturlar uchun kredit olib bu sohani takomillashtirishni davom ettirmoqchimiz.
Sessiyada koʻrib chiqilgan masalalar orasida xususiy sektorda kichik va oʻrta biznesni kengaytirish ham bor edi, spikerlarning soʻzlariga koʻra, bu ish oʻrinlari yaratishni takshillashtirishda iqtisodiy raqobatbardoshlikni saqlashga xizmat qiladi.