Hurmatli “O‘zkimyoimpeks” MChJ hamkorlari!
“O‘zkimyoimpeks” MChJga Chexiyaning “ATOMGARDEN” s.r.o kompaniyasi ko‘plab mijozlarga mineral o‘g‘itlar xaridi uchun “O‘zkimyoimpeks” MChJ orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar taklif qilib, firibgarlik faoliyati bilan shug‘ullanayotganligi haqida ma’lumotlar kelmoqda. Shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, bu kabi tijoriy takliflar “O‘zkimyoimpeks” MChJga taalluqli emas. Bizning kompaniya va Chexiyaning “ATOMGARDEN” s.r.o kompaniyasi o‘rtasida hech qanday shartnoma yoki kelishuv mavjud emas. Shu sababli sizlardan bunday firibgarlardan ehtiyot boʻlishingizni soʻraymiz.
Bunday holatlar “Oʻzkimyosanoat” AJ va “Oʻzkimyoimpeks” MChJning xorijiy hamkorlari oldida obroʻsiga putur yetkazilishiga sabab boʻlmoqda.
Bungacha esa Polshaning “BJ Platinum Sp. z.o.o.” kompaniyasi mijozlarga mineral o‘g‘itlar xaridi uchun “O‘zkimyoimpeks” MChJ bilan imzolangan deya soxta shartnomalarni taqdim etib, takliflar yuborayotganligi haqida ogohlantirgan edik. Ahamiyatlisi, Polshaning “BJ Platinum Sp. z.o.o.” hamda Chexiyaning “ATOMGARDEN” s.r.o kompaniyalari mijozlarga yuborayotgan tijoriy takliflar juda o‘xshash bo‘lib, kompaniyalar bir-biriga aloqador ekanligi ehtimoli yuqori.
Kelgusida bu kabi eʼlonlarning haqiqiyligini tekshirish uchun “Oʻzkimyoimpeks” MChJning anticorruption@ukie.uz rasmiy elektron manziliga murojaat qilishingizni soʻraymiz.
Hurmat bilan, “Oʻzkimyoimpeks” MChJ Komplayens xizmati